
SAMARQANDDA KENG KOʻLAMLI QURILISH VA BUNYODKORLIK ISHLARI 2025-YILDA HAM JADAL DAVOM ETTIRILADI
Samarqand viloyatida ijtimoiy soha va infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar 2025-yilda yanada jadallashadi. Davlat rahbarining 2024-yil 24-dekabrdagi "2025-2027-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-454-qarori asosida viloyatda 167 ta obyektni barpo etish, rekonstruksiya hamda mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlari boshlangan boʻlib, ularning aksariyati boʻyicha tender savdolari yakunlangan va ekspertiza xulosalari olinmoqda.
Xususan:
• 3 ta obyekt uchun yer ajratish ishlari toʻliq yakunlangan;
• 110 ta obyekt uchun arxitektura rejalashtirish topshiriqlari tasdiqlangan;
• 115 ta obyektda loyihachini aniqlash boʻyicha tender eʼlon qilinib, loyihachi tashkilotlar aniqlangan;
• 106 ta obyektda ekspertiza xulosalari topshirilgan, 11 tasining xulosalari olingan.
2024-yil qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida viloyatdagi 2500 ta koʻp qavatli uylarning 543 tasida taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan:
• 198 ta uyning 33,6 ming kv.m tom qismi kapital va joriy ta’mirlandi;
• 408 ta kirish yoʻlaklari taʼmirlandi;
• 60 ta uyning fasad qismi tiklandi;
Shuningdek, elektr taʼminoti tizimini yaxshilash maqsadida 3283 ta elektr shitlar ta’mirlanib, tartibga keltirildi.
2025-yil davomida koʻp qavatli uylarni taʼmirlash, energiya tejamkor uskunalarni oʻrnatish, elektr va issiqlik taʼminoti tizimini yaxshilash boʻyicha qator loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi boshligʻi Bahodir Negmatov.