
SAMARQAND VILOYATI QURILISH VA UY-JOY KOMMUNAL XOʻJALIGI BOSH BOSHQARMASI BOSHLIGʻI BAHODIR NEGMATOVNING JAMOATCHILIKKA MUROJAATI
Hurmatli yurtdoshlar!
Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabat shakllantirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi tomonidan 2024-yil va 2025-yilning oʻtgan davri mobaynida bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi.
Boshqarma tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun, Prezident farmon va qarorlari hamda sohaviy meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlash borasida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi.
Bosh boshqarmaning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali fuqarolarning korrupsiya holatlari haqida murojaat yoʻllashi uchun aloqa kanallari tashkil etildi. Veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarning yuqori qismida maxsus ishonch telefoni joylashtirilgan.
Shuningdek, “Korrupsiyadan xoli dunyo – umumbashariy orzu” nomli QR-kod texnologiyasi asosida tayyorlangan maxsus smartposterlar toʻplami aholi va xodimlar oʻrtasida targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Ishga qabul qilish jarayonlari toʻliq ochiq va shaffof asosda tashkil etilmoqda. Davlat fuqarolik xizmatchilari tanlov asosida ishga qabul qilinib, mehnat shartnomalarida korrupsiyaga qarshi maxsus shartlar belgilanmoqda. Yangidan qabul qilingan xodimlar huquqiy hujjatlar va axloq qoidalari bilan tanishtirilmoqda.
Manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish maqsadida 2024-yilda 100 nafar, 2025-yilda oʻtgan davrida 101 nafar xodim tomonidan deklaratsiya toʻldirildi. Ushbu deklaratsiyalar yuqorida koʻrsatilgan Nizom talablariga asosan tahlil qilinib, aniqlangan 1 ta ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish boʻyicha tegishli choralar koʻrildi.
Shuningdek, ichki mehnat tartib qoidalari, odob-axloq qoidalari va ijro intizomiga amal qilmaganligi sababli 2024-yil davomida 28 nafar, 2025-yilning oʻtgan davri mobaynida 21 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan.
Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash asosida eng moyil boʻlgan funksiyalarni amalga oshiradigan 22 nafar xodim maxsus oʻquvga jalb qilindi. Jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali huquqiy targʻibot ishlari olib borildi.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilikning faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi. Biz hamjihatlikda, “Halollik vaksinasi” tamoyili asosida bu illatga qarshi murosasiz boʻlishda davom etamiz.
Hurmat bilan,
Bahodir Negmatov,
Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi
bosh boshqarmasi boshligʻi