
KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH – SOHADA HALOLLIK VA SHAFFOFLIK KAFOLATI
Korrupsiyaga qarshi kurashish – sohada halollik va shaffoflik kafolati
🇺🇿 Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi tizimida olib borilayotgan islohotlarning samarali amalga oshirilishi uchun eng avvalo qonuniylik, mas’uliyat va halollik tamoyillariga qat’iy amal qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashish hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish dolzarb vazifalardan biri sanaladi.
Shu yo‘nalishda Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida xodimlar ishtirokida navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquq-tartibot organlari hamkorligida olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijalari asosida tayyorlangan videomaterial namoyish etildi. Unda ayrim mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgani misol tariqasida ko‘rsatildi. Xodimlarga korrupsiya oqibatlari, xizmat vakolatidan g‘arazli maqsadlarda foydalanishning salbiy jihatlari va bunday holatlardan ogoh bo‘lish zarurligi borasida tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, vazifalarni halollik va vijdonan bajarish, davlat mablag‘laridan oqilona foydalanish hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 595-son qarorida belgilangan odob-axloq qoidalariga qat’iy amal qilish masalalari alohida ta’kidlandi.
Ushbu yig‘ilish tizimda shaffoflikni mustahkamlash, korrupsion xavflarning oldini olish hamda xodimlar o‘rtasida mas’uliyat va ogohlikni yanada kuchaytirishga qaratildi.