
“ISHONCH” GAZETASIDA SAMARQAND SHAHRI QORASUV MASSIVIDAGI KO‘P QAVATLI UYLAR ATROFIDAGI HOLAT, HUDUDDA IJTIMOIY VA INFRATUZILMA OBYEKTLARINI JOYLASHTIRISH HAMDA AHOLI UCHUN QULAY SHAROITLAR YARATISH MASALALARI YUZASIDAN MAQOLA E’LON QILINGAN.
Mazkur maqolada bildirilgan fikr va mulohazalar yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, Samarqand shahrining Qorasuv massivi hududida amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari tasdiqlangan bosh reja hamda tegishli shaharsozlik hujjatlari asosida bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Qorasuv massivi hududida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivi bosh reja loyihasi “Qishloqqurilishloyiha” DM tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, belgilangan tartibda tasdiqlangan. Umumiy maydoni 36 gektarni tashkil etuvchi mazkur loyiha doirasida ko‘p qavatli turar joylar bilan bir qatorda, shaharsozlik me’yorlari asosida aholi uchun zarur bo‘lgan avtoturargohlar, bolalar maydonchalari, workout hududlari, ko‘kalamzorlashtirish maydonlari hamda kichik bulvar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bosh reja asosida hududda poliklinika, 2 ta maktab, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda davlat tashkilotlarining ma’muriy binolarini barpo etish ham belgilangan. Bugungi kunda Qorasuv massividagi bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Hududda yangi ko‘p qavatli uylar va boshqa obyektlar bosqichma-bosqich barpo etilayotgani sababli, ayni paytdagi holat kelgusida shakllanadigan umumiy ko‘rinishdan farq qilishi tabiiy. Bosh reja doirasida hududni kompleks rivojlantirish, aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish, bolalar maydonchalari, dam olish va ko‘kalamzorlashtirish hududlarini tashkil etish, shuningdek, zarur muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani shakllantirish ishlari ham bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.



